23-modda. Toʻlov tizimi operatori litsenziyasini chaqirib olish
Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida (O‘RQ-578-son) · Sana: 01.11.2019 · Amalda
Markaziy bank quyidagi hollarda toʻlov tizimi operatori litsenziyasini chaqirib olish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli:
toʻlov tizimining operatori litsenziyasini chaqirib olish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat etganda;
toʻlov tizimining operatori boʻlgan bankda bank operatsiyalarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya chaqirib olinganda;
toʻlov tizimining operatori tugatilganda — tugatilish paytidan eʼtiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etilishi natijasida tugatilganda — qayta tashkil etilgan paytdan eʼtiboran, bundan uning oʻzgartirilishi, shuningdek qayta tashkil etilayotgan toʻlov tizimi operatorida yangitdan vujudga kelgan yuridik shaxsning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi sanasidagi faoliyatning litsenziyalanadigan ayni bir turini amalga oshirishga doir litsenziya mavjud boʻlganda qoʻshib yuborilishi mustasno;
toʻlov tizimining operatori litsenziya olingan kundan eʼtiboran bir yil davomida faoliyatni amalga oshirmaganda yoki toʻlov tizimi operatorining faoliyati olti oydan ortiq davrga toʻxtatib turilganda;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan talablar toʻlov tizimining operatori tomonidan muntazam ravishda buzilganda yoki bir marta qoʻpol tarzda buzilganda;
toʻlov tizimining uzluksiz ishlashiga, shuningdek axborot xavfsizligini va kiberxavfsizlikni taʼminlashga taʼsir koʻrsatuvchi qoidabuzarliklar Markaziy bankning birinchi koʻrsatmasi yuborilgan kundan eʼtiboran uch oy mobaynida toʻlov tizimining operatori tomonidan bartaraf etilmaganda;
Markaziy bankning litsenziya berish toʻgʻrisidagi qarorining qonunga zid ekanligi aniqlanganda.
Litsenziyani chaqirib olish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilganda toʻlov tizimi operatori quyidagilarni taqdim etishi shart:
1) toʻlov tizimi operatori tugatiladigan taqdirda:
toʻlov tizimi operatorini tugatish toʻgʻrisida uning muassislari (ishtirokchilari) yoki taʼsis hujjatlarida shunga vakil qilingan yuridik shaxs organi tomonidan tugatish sabablari koʻrsatilgan holda qabul qilingan qaror;
toʻlov tizimi operatorining muassislari (ishtirokchilari) yoki taʼsis hujjatlarida shunga vakil qilingan yuridik shaxs organi tomonidan tasdiqlangan, tugatish jarayonini, toʻlov tizimi ishtirokchilari oldidagi majburiyatlarni bajarish hamda kreditorlarning talablarini qanoatlantirish tartib-taomillari va muddatlarini oʻz ichiga olgan tugatish rejasi;
