22-modda. Toʻlov tizimlari operatorlarining faoliyatini litsenziyalash tartibi
Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida (O‘RQ-578-son) · Sana: 01.11.2019 · Amalda
Litsenziya daʼvogari sifatida banklar va bank hisoblanmagan yuridik shaxslar toʻlov tizimining operatori faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olish maqsadida Markaziy bank tomonidan belgilanadigan shakl boʻyicha Markaziy bankka litsenziya berish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qiladi.
Bankning litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasiga quyidagilar ilova qilinadi:
bank boshqaruvining toʻlov tizimini tashkil etish haqidagi qarorining koʻchirma nusxasi;
yaqin ikki kalendar yil uchun toʻlov tizimini rivojlantirishga doir biznes-reja, unda toʻlov tizimini tashkil etishning maqsadlari va rejalashtirilayotgan natijalari, shu jumladan bozor va infratuzilma omillarining tahlili koʻrsatiladi;
toʻlov tizimining qoidalari.
Bank hisoblanmaydigan yuridik shaxsning litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasiga quyidagilar ilova qilinadi:
yuridik shaxs vakolatli organining toʻlov tizimini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorining koʻchirma nusxasi;
yaqin ikki kalendar yil uchun toʻlov tizimini rivojlantirishga doir biznes-reja, unda toʻlov tizimini tashkil etishning maqsadlari va rejalashtirilayotgan natijalari, shu jumladan bozor va infratuzilma omillarining tahlili koʻrsatiladi;
toʻlov tizimining qoidalari;
bankning toʻlov tizimining hisob-kitob banki boʻlishga yozma roziligi, shu jumladan oʻzi bilan qaysi shaklda shartnoma tuzilgan boʻlsa, oʻsha shakldagi roziligi;
buxgalteriya balansi va oxirgi hisobot sanasiga doir moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobot;
muassislar (ishtirokchilar) haqidagi maʼlumotlar, shu jumladan ularning kapitaldagi ulushi miqdori;
ijro etuvchi organning rahbari va aʼzolari toʻgʻrisidagi, shu jumladan ularning maʼlumoti, ish joyi va egallab turgan lavozimi haqidagi axborotni oʻz ichiga olgan maʼlumotlar, bu maʼlumotlarga tasdiqlovchi hujjatlarning koʻchirma nusxalari ilova qilinadi;
tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi toʻgʻrisidagi, shu jumladan toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchilarning pul mablagʻlari but saqlanishini taʼminlashga doir talablar haqidagi maʼlumotlar;
xavfsizlik tizimlari, nazorat mexanizmlari hamda tizimlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
xavfsizlik siyosati haqidagi, shu jumladan tavakkalchiliklarni batafsil baholashni oʻz ichiga olgan hujjat, shuningdek axborot xavfsizligini va kiberxavfsizlikni hamda toʻlov xizmatidan foydalanuvchilarning himoya qilinishini taʼminlash uchun tavakkalchiliklarni, shu jumladan firibgarlik hamda konfidensial va shaxsga doir maʼlumotlardan qonunga zid ravishda foydalanish xavflarini kamaytirish boʻyicha koʻriladigan choralarning tavsifi;
