21-modda. Markaziy bankning vakolatlari
Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida (O‘RQ-578-son) · Sana: 01.11.2019 · Amalda
Markaziy bank toʻlov tizimlarining samarali, ishonchli va xavfsiz ishlashini taʼminlash maqsadida ularning Oʻzbekiston Respublikasi hududida ushbu Qonunga muvofiq tartibga solinishini amalga oshiradi.
Toʻlov tizimlarini tartibga solish maqsadida Markaziy bank:
toʻlov tizimlari operatorlarining faoliyatini va toʻlov tashkilotlarining faoliyatini litsenziyalashni amalga oshiradi;
toʻlov tizimlari operatorlarining va toʻlov tashkilotlarining litsenziyalarini chaqirib oladi;
toʻlov tizimlari operatorlarining va toʻlov tashkilotlarining faoliyatini nazorat qilish va kuzatuvni amalga oshirish tartibini belgilaydi;
Toʻlov tizimlari operatorlarining reyestrini va Toʻlov tashkilotlarining reyestrini yuritadi;
toʻlov tizimi qoidalarini va toʻlov tashkilotining toʻlov tizimi ishtirokchilari bilan hamkorligi tartibini kelishib olishni amalga oshiradi;
toʻlov tizimlarining muhimlik mezonlarini aniqlaydi;
toʻlov tizimlari ustidan nazoratni amalga oshiradi;
toʻlov tizimlari operatorlariga va toʻlov tashkilotlariga nisbatan ushbu Qonun talablarini buzganlik uchun choralar hamda sanksiyalar qoʻllaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida naqd pulsiz toʻlovlarning amalga oshirilishi tartibini belgilaydi;
Markaziy bankning banklararo toʻlov va kliring tizimlarining ishlashi qoidalarini belgilaydi;
bank hisobvaraqlarining ochilishi, yuritilishi va yopilishi tartibini belgilaydi;
toʻlov tizimlarining operatorlari va toʻlov tashkilotlari tomonidan Markaziy bankka toʻlovlarga taalluqli maʼlumotlarning taqdim etilishi tartibini belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida bank kartalarining chiqarilishi va muomalada boʻlishi qoidalarini belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida elektron pullarning chiqarilishi va muomalada boʻlishi qoidalarini belgilaydi;
Markaziy bankning banklararo toʻlov va kliring tizimlari bilan hamkorlikni taʼminlovchi dasturiy vositalarga, shu jumladan avtomatlashtirilgan bank tizimlariga, shuningdek toʻlov tizimlarida axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik choralarini taʼminlashga nisbatan qoʻyiladigan talablarni belgilaydi;
toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlari ustav kapitalining eng kam miqdorini belgilaydi;
elektron pullar bilan toʻlovlar va pul oʻtkazmalariga doir operatsiyalar boʻyicha limitlarni belgilaydi;
