24-modda. Toʻlov tashkilotlarining faoliyatini litsenziyalash tartibi
Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida (O‘RQ-578-son) · Sana: 01.11.2019 · Amalda
Litsenziya daʼvogari sifatida yuridik shaxslar toʻlov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olish maqsadida Markaziy bank tomonidan belgilanadigan shakl boʻyicha Markaziy bankka litsenziya berish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qiladi.
Litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
toʻlov tashkilotining yaqin ikki kalendar yil uchun biznes-rejasi;
oxirgi hisobot sanasiga doir buxgalteriya balansi va moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobot;
toʻlov tashkilotining toʻlov tizimi operatori va toʻlov tizimi ishtirokchilari bilan hamkorligi tartibi;
muassislar (ishtirokchilar) haqidagi maʼlumotlar, shu jumladan ularning kapitaldagi ulushi miqdori;
ijro etuvchi organning rahbari va aʼzolari toʻgʻrisidagi, shu jumladan ularning maʼlumoti, ish joyi va lavozimi haqidagi axborotni oʻz ichiga olgan maʼlumotlar, unga tasdiqlovchi hujjatlarning koʻchirma nusxalari ilova qilinadi;
tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi toʻgʻrisidagi, shu jumladan mijozlarning pul mablagʻlari but saqlanishini taʼminlashga doir talablar haqidagi maʼlumotlar;
xavfsizlik tizimlari, nazorat mexanizmlari hamda tizimlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
xavfsizlik siyosati haqidagi, shu jumladan tavakkalchiliklarni batafsil baholashni oʻz ichiga olgan hujjat, shuningdek axborot xavfsizligini va kiberxavfsizlikni hamda toʻlov xizmatidan foydalanuvchilarning himoya qilinishini taʼminlash uchun tavakkalchiliklarni, shu jumladan firibgarlik hamda konfidensial va shaxsga doir maʼlumotlardan qonunga zid ravishda foydalanish xavflarini kamaytirish boʻyicha koʻriladigan choralarning tavsifi;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari bajarilishini taʼminlash choralarining tavsifi.
Litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizaning shakli va zarur hujjatlar roʻyxati Markaziy bankning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Markaziy bank litsenziya berish haqida yoki uni berishni rad etish toʻgʻrisida toʻlov tashkilotining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birga olingan kundan eʼtiboran oʻttiz kun muddat mobaynida qaror qabul qiladi.
Toʻlov tashkilotining toʻlov tizimi ishtirokchilari bilan hamkorlik qilish tartibini kelishib olish toʻlov tashkilotining arizasini va unga ilova qilingan, litsenziyalash uchun zarur boʻlgan hujjatlarni koʻrib chiqish bilan bir vaqtda amalga oshiriladi.
