20-modda. Oʻxshash tovar yuzasidan tuzilgan bitim qiymatiga qarab bojxona bahosini chiqarish
Boj tarifi toʻgʻrisida (470-I-son) · Sana: 29.08.1997 · Amalda
Oʻxshash tovar deyilganida har jihatdan bir xil boʻlmasa-da, oʻxshash xususiyatlarga ega boʻlganligi va tarkibiy jihatdan oʻxshashliligi tufayli baholanayotgan tovar bilan bir xil vazifalarni bajara oladigan va tijorat nuqtai nazaridan uning oʻrnini bosa oladigan tovar tushuniladi.
Tovarning oʻxshashligini aniqlashda uning quyidagi belgilari: sifati, tovar belgisining mavjudligi va bozordagi qadri; qaysi mamlakatda ishlab chiqarilganligi; ishlab chiqaruvchisi hisobga olinadi.
Oʻxshash tovar yuzasidan tuzilgan bitim qiymatiga qarab bojxona bahosini chiqarish usulidan foydalanganda ushbu Qonun 19-moddasi uchinchi, toʻrtinchi, beshinchi va oltinchi qismlarining qoidalari qoʻllaniladi.
19-modda va ushbu moddaning qoidalari asosida bojxona bahosini chiqarish usullaridan foydalanilganida:
agar tovar baholanayotgan tovar ishlab chiqarilgan mamlakatda ishlab chiqarilmagan boʻlsa, u baholanayotgan tovar bilan aynan bir xil yoki oʻxshash hisoblanmaydi;
baholanayotgan tovarning ishlab chiqaruvchisi tomonidan emas, balki boshqa shaxs tomonidan ishlab chiqarilgan tovar, baholanayotgan tovarni ishlab chiqargan shaxs tomonidan ishlab chiqarilgan aynan bir xil tovar ham, oʻxshash tovar ham boʻlmagan taqdirdagina eʼtiborga olinadi;
agar tovarni loyihalash, uning ustidagi tajriba-konstruktorlik ishlari, uning badiiy bezagi, dizayni, eskizi, chizmalari va boshqa shunga oʻxshash ishlar Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilgan boʻlsa, bunday tovar aynan yoki bir xil oʻxshash hisoblanmaydi.
