19-modda. Aynan bir xil tovar yuzasidan tuzilgan bitim qiymatiga qarab bojxona bahosini chiqarish
Boj tarifi toʻgʻrisida (470-I-son) · Sana: 29.08.1997 · Amalda
Aynan bir xil tovar deyilganida har jihatdan, shu jumladan: fizik xususiyatlari; sifati va bozordagi qadri; qaysi mamlakatda ishlab chiqarilganligi; ishlab chiqaruvchisi kabi belgilari jihatidan baholanayotgan tovar bilan bir xil boʻlgan tovar tushuniladi.
Tovarning tashqi koʻrinishidagi juzʼiy farqlar, agar u boshqa jihatlari bilan ushbu moddaning birinchi qismi talablariga mos boʻlsa, uni aynan bir xil emas, deb hisoblash uchun asos boʻla olmaydi.
Aynan bir xil tovar yuzasidan tuzilgan bitim qiymati boj qiymatini belgilash uchun asos qilib olinadi, agar bu tovar:
baholanayotgan tovar olib kirilgunga qadar koʻpi bilan 90 kun oldin Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kirish uchun sotilgan boʻlsa;
taxminan oʻshancha miqdorda va (yoki) oʻshanday tijorat shartlarida olib kirilgan boʻlsa. Agar aynan bir xil tovar koʻp yoki kam miqdorda va (yoki) boshqa tijorat shartlarida olib kirilgan boʻlsa, baholanayotgan tovarning bojxona qiymatiga ana shu farqlarni hisobga olgan holda tuzatishlar kiritiladi, basharti, bu tuzatishlarning asosli ekanligini bojxona organiga hujjatlar bilan tasdiqlab berish mumkin boʻlsa.
Aynan bir xil tovar yuzasidan tuzilgan bitim qiymatiga qarab aniqlanadigan bojxona qiymatiga ushbu Qonunning 18-moddasida koʻrsatilgan xarajatlarni hisobga olgan holda tuzatishlar kiritilishi lozim.
Tuzatishlar deklarant tomonidan toʻgʻri va hujjat bilan tasdiqlangan maʼlumotlar asosida kiritilishi lozim.
Agar ushbu usulni qoʻllash vaqtida aynan bir xil tovar yuzasidan tuzilgan bitimning ikki va undan ortiq narxi mavjudligi aniqlansa, olib kirilayotgan tovarning bojxona qiymatini belgilash uchun ularning eng past narxi qoʻllaniladi.
