21-modda. Qiymatlarni chegirib tashlash asosida bojxona bahosini chiqarish
Boj tarifi toʻgʻrisida (470-I-son) · Sana: 29.08.1997 · Amalda
Agar baholanayotgan, aynan bir xil yoki oʻxshash tovarlar oʻzining dastlabki holati oʻzgarmagan holda Oʻzbekiston Respublikasi hududida sotilsa, qiymatlarni chegirib tashlash asosida bojxona bahosini chiqarish amalga oshiriladi.
Qiymatlarni chegirib tashlash asosida bojxona bahosini chiqarish usulidan bojxona qiymatini aniqlash uchun asos sifatida foydalanilganda tovar birligining baholanayotgan, aynan yoki bir xil oʻxshash tovarlar olib kelingan vaqtdan boshlab kamida 90 kundan keyin Oʻzbekiston Respublikasi hududida katta turkumlarda bitimning sotuvchi bilan oʻzaro bogʻliq boʻlmagan ishtirokchisiga sotilgan bahosi qoʻllaniladi.
Tovar birligining bahosidan quyidagi xarajatlar chegirib tashlanadi:
vositachilik haqi toʻlashga qilingan xarajatlar, foydaga qoʻyiladigan odatdagi ustamalar va olib kelingan bir xil klassdagi va turdagi tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasida sotish bilan bogʻliq umumiy xarajatlar;
tovarlar olib kirish yoki sotish munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasida toʻlanishi lozim boʻlgan import bojlari, soliqlar, yigʻimlar va boshqa toʻlovlar summasi;
Oʻzbekiston Respublikasida transportda tashish, sugʻurtalash, yuklash va tushirish uchun qilingan xarajatlar.
Olib kirilayotgan vaqtda qanday holatda boʻlsa, shu holatda baholangan, aynan bir xil boʻlgan yoki oʻxshash tovarlar sotilgan hollar mavjud boʻlmasa, deklarantning iltimosiga binoan ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlari qoidalariga rioya etgan holda hamda qoʻshilgan qiymatga tuzatish kiritilib, qayta ishlangan tovar birligining bahosidan foydalanish mumkin.
