17-modda. Rezidentlar oʻrtasidagi valyuta operatsiyalari
“Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-573-son) · Sana: 22.10.2019 · Amalda
Rezidentlar oʻrtasidagi valyuta operatsiyalariga quyidagilar amalga oshirilayotganda yoʻl qoʻyiladi:
bojsiz savdo doʻkonlaridagi hisob-kitoblar, shuningdek xalqaro tashishlarda transport vositalarining qatnov yoʻllarida yoʻlovchilarga tovarlarni realizatsiya qilish va xizmatlar koʻrsatish chogʻidagi hisob-kitoblar bilan bogʻliq operatsiyalar;
vositachilar (vakillar) tomonidan norezidentlar bilan tovarlarni topshirish, ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish, axborot va intellektual faoliyat natijalarini, ularga boʻlgan mutlaq huquqlarni berish boʻyicha shartnomalar tuzish hamda ularni bajarish bilan bogʻliq xizmatlar koʻrsatish chogʻida vositachilar (vakillar) va komitentlar (ishonch bildiruvchilar) oʻrtasidagi operatsiyalar, shu jumladan komitentlarga (ishonch bildiruvchilarga) pul summalarini (boshqa mol-mulkni) qaytarishga doir operatsiyalar;
tuzilgan shartnomalar asosida transport-ekspeditorlik xizmatlarini realizatsiya qilishdan ekspeditorlik kompaniyalarining hisobvaragʻiga xorijdan kelib tushayotgan chet el valyutasidagi mablagʻlarni hisob-kitob qilishni va oʻtkazishni nazarda tutuvchi operatsiyalar;
jismoniy shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga xizmat safarlari amalga oshirilishi bilan bogʻliq xarajatlarini toʻlash va ularning oʻrnini qoplash boʻyicha operatsiyalar, shuningdek xizmat safarlari munosabati bilan berilgan, sarflanmay qolgan boʻnakni qaytarishga doir operatsiyalar;
Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalariga, konsullik muassasalariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining davlatlararo yoki hukumatlararo tashkilotlar huzuridagi doimiy vakolatxonalariga hisob-kitoblarni va oʻtkazmalarni bajarishni nazarda tutuvchi operatsiyalar;
rezident jismoniy shaxs tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochilgan hisobvaraqlardan boshqa rezident jismoniy shaxslar foydasiga ularning Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochilgan hisobvaraqlariga nosavdo operatsiyalar boʻyicha oʻtkazmalar;
transport tashkilotlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida turgan jismoniy shaxslar, shuningdek yuridik shaxslarning filiallari, vakolatxonalari va boshqa boʻlinmalari oʻrtasida yoʻlovchilar tashishga oid shartnomalar boʻyicha hisob-kitoblar bilan bogʻliq operatsiyalar;
