16-modda. Kapital harakati operatsiyalari
“Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-573-son) · Sana: 22.10.2019 · Amalda
Kapital harakati operatsiyalari jumlasiga joriy xalqaro operatsiyalar boʻlmagan barcha xalqaro (transchegaraviy) valyuta operatsiyalari, shu jumladan quyidagilar kiradi:
investitsiya faoliyatini amalga oshirish, jumladan rezidentlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashgan oʻz filiallarini aylanma mablagʻlar bilan toʻldirish;
kreditlar (qarzlar) olish va berish, lizing operatsiyalarini amalga oshirish;
koʻchmas mol-mulkni sotib olish va sotish;
chet davlatlardan mablagʻlarni jalb etish hamda ularni chet davlatlardagi hisobvaraqlar va omonatlarga joylashtirish;
intellektual mulk obyektlariga boʻlgan mutlaq huquqni toʻliq olish yoki sotish.
Oʻzbekiston Respublikasiga toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalarini jalb etish va ularni repatriatsiya qilish, shuningdek toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalarini amalga oshirish munosabati bilan olingan huquqlardan foydalanish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi diplomatik va boshqa vakolatxonalarining ehtiyojlari uchun Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida koʻchmas mulk obyektlarini olish va qurish boʻyicha kapital harakati operatsiyalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar muomalasi, rezidentlar tomonidan chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlarni sotib olish, shuningdek rezidentlar chiqargan qimmatli qogʻozlarni norezidentlar tomonidan sotib olish tartibi qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan Markaziy bank bilan birgalikda belgilanadi.
