111-modda. Tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlarning repatriatsiya qilinishini taʼminlamaganlik uchun javobgarlik
“Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-573-son) · Sana: 22.10.2019 · Amalda
Norezidentga toʻlov yoki eksport amalga oshirilgan sanadan eʼtiboran bir yuz sakson kun oʻtganidan keyin koʻpi bilan qirq besh kunda (kichik tadbirkorlik subyektlari uchun toʻqson kunda) tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlarni repatriatsiya qilishni taʼminlamagan rezidentlar respublika budjeti daromadiga:
aktivlarni repatriatsiya qilish norezidentga toʻlov yoki eksport amalga oshirilgan sanadan eʼtiboran uch yuz oltmish kungacha kechikkanda — repatriatsiya qilinmagan aktivlar summasining 5 foiziga teng miqdorda;
aktivlarni repatriatsiya qilish norezidentga toʻlov yoki eksport amalga oshirilgan sanadan eʼtiboran uch yuz oltmish kundan besh yuz qirq besh kungacha kechikkanda — repatriatsiya qilinmagan aktivlar summasining 10 foiziga teng miqdorda qoʻshimcha ravishda;
aktivlarni repatriatsiya qilish norezidentga toʻlov yoki eksport amalga oshirilgan sanadan eʼtiboran besh yuz qirq besh kun va undan ortiq muddatga kechikkanda — repatriatsiya qilinmagan aktivlar summasining 35 foiziga teng miqdorda qoʻshimcha ravishda jarima toʻlaydi.
Yengib boʻlmas kuch taʼsiri yuzaga kelganda aktivlarni repatriatsiya qilish muddati yengib boʻlmas kuchning taʼsir muddatiga uzaytiriladi. Yengib boʻlmas kuch taʼsiri holatlari yuz berganligi ushbu hodisa oʻzida sodir boʻlgan davlatning qonunchiligiga muvofiq vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi.
Eksportga oid kontraktning sugʻurta polisi boʻyicha sugʻurta tovoni summasi rezidentlarning hisobvaragʻiga kelib tushganda (milliy va (yoki) xorijiy valyutalarda) jarima qoʻllash maqsadida mazkur eksportga oid kontrakt boʻyicha debitor qarzdorlik summasi kelib tushgan sugʻurta tovoni summasiga kamaytiriladi.
Tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlarning repatriatsiya qilinishini taʼminlamaganlik uchun jarimalar quyidagi hollarda qoʻllanilmaydi:
asbob-uskunalarni va (yoki) butlovchi qismlarni yetkazib berish muddatlari ularning texnik tavsiflariga hamda oʻziga xos xususiyatiga qarab bir yuz sakson kundan ortiq etib belgilangan importga oid kontraktlar boʻyicha yetkazib berish muddati davrida;
transportda tashish yoki saqlash chogʻida taraflarga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra yaroqsiz holatga kelgan tovarlar davlat organlari tomonidan yoʻq qilinganligini yoxud musodara qilinganligini tasdiqlovchi vakolatli organ tomonidan berilgan hujjat taqdim etilgan taqdirda;
