11-modda. Tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlarni repatriatsiya qilish
“Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-573-son) · Sana: 22.10.2019 · Amalda
Tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlarni repatriatsiya qilish norezident majburiyatlarining quyidagilar orqali toʻliq yoki qisman bajarilishidir:
norezidentning majburiyatlari boʻyicha pul mablagʻlari yoki tovar kelib tushishi (ishlar bajarilishi, xizmatlar koʻrsatilishi);
norezidentning majburiyatini bir turdagi qarshi talablarni hisobga olish yoʻli bilan tugatish;
norezidentning tomonlar oʻrtasidagi mavjud dastlabki majburiyatini xuddi oʻsha shaxslar oʻrtasidagi boshqa predmetni yoki bajarish usulini nazarda tutuvchi oʻzga majburiyat bilan almashtirish yoʻli bilan tugatish;
sugʻurta toʻlovlarini olish.
Agar rezident norezidentga nisbatan talab qilish huquqidan boshqa rezident foydasiga voz kechsa, repatriatsiya qilish toʻgʻrisidagi talabning bajarilishini taʼminlashga doir tegishli majburiyat talab qilish huquqini qabul qilgan rezidentga oʻtadi.
Rezident (norezident) tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlarning repatriatsiya qilinishini taʼminlashi shart.
Tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlarni repatriatsiya qilish muddati norezidentning majburiyatlari yuzaga kelgan sanadan eʼtiboran 180 kundan oshib ketsa, mazkur operatsiya kapital harakatining operatsiyasi sifatida baholanadi.
Tashqi savdo operatsiyalarining bajarilishi ustidan nazorat va monitoringni amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
