12-modda. Rezidentlarning hisobvaraqlari
“Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-573-son) · Sana: 22.10.2019 · Amalda
Rezidentlar Oʻzbekiston Respublikasining banklarida chet el valyutasida hisobvaraqlar ochishga haqli.
Rezident jismoniy shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi banklarida va Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida chet el valyutasida hisobvaraqlar hamda omonatlar ochishga haqli.
Rezident yuridik shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochishga hamda ulardan foydalanishga, basharti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining Oʻzbekiston Respublikasi valyutasida yoki chet el valyutasida hisobvaraqlar ochish va ulardan foydalanish maqsadlari nazarda tutilgan qarorlari yoxud Oʻzbekiston Respublikasining shunday xalqaro shartnomalari mavjud boʻlsa, yoʻl qoʻyiladi.
Rezident yuridik shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochganidan keyin roʻyxatdan oʻtgan joydagi soliq organlarini hamda Markaziy bankni hisobvaraqlar ochilganligi (yopilganligi) toʻgʻrisida va hisobvaraqlarning rekvizitlari oʻzgarganligi haqida, shuningdek ushbu hisobvaraqlardagi qoldiqlar va aylanmalar toʻgʻrisida Markaziy bank tomonidan belgilangan tartibda har chorakda, hisobot choragi tugaganidan keyin bir oydan kechiktirmasdan xabardor qilishi shart.
Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik va boshqa vakolatxonalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi tashkilotlarining xoʻjalik faoliyatini yoki boshqa tijorat faoliyatini amalga oshirmaydigan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi vakolatxonalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochishga hamda ushbu hisobvaraqlardan foydalanishga ularning xorijda boʻlishi va faoliyat koʻrsatishi davrida yoʻl qoʻyiladi. Ularning xorijda boʻlishi yoki faoliyat koʻrsatishi tugagach, hisobvaraqlar yopilishi lozim va hisobvaraqlardagi mablagʻlarning qoldiqlari Oʻzbekiston Respublikasiga oʻtkaziladi.
Rezidentlar Oʻzbekiston Respublikasi banklaridagi yoki Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi banklardagi oʻz hisobvaraqlaridan Oʻzbekiston Respublikasi banklaridagi oʻz hisobvaraqlariga chet el valyutasini cheklovlarsiz oʻtkazish huquqiga ega.
