9-modda. Aholi punktlarining turlari
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Aholi punktlari shahar aholi punktlari (shaharlar, shahar posyolkalari) va qishloq aholi punktlariga (qishloqlar, ovullar) boʻlinadi.
Aholi soniga qarab shahar aholi punktlari quyidagilarga boʻlinadi:
eng yirik aholi punkti — aholisining soni bir milliondan ortiq kishidan iborat;
yirik aholi punkti — aholisining soni ikki yuz ellik mingdan bir milliongacha kishidan iborat;
katta aholi punkti — aholisining soni yuz mingdan ikki yuz ellik minggacha kishidan iborat;
oʻrtacha aholi punkti — aholisining soni ellik mingdan yuz minggacha kishidan iborat;
kichik aholi punkti — aholisining soni ellik minggacha kishidan iborat.
Aholi soniga qarab qishloq aholi punktlari quyidagilarga boʻlinadi:
yirik aholi punkti — aholisining soni besh mingdan ortiq kishidan iborat;
katta aholi punkti — aholisining soni uch mingdan besh minggacha kishidan iborat;
oʻrtacha aholi punkti — aholisining soni bir mingdan uch minggacha kishidan iborat;
kichik aholi punkti — aholisining soni bir minggacha kishidan iborat.
Vaqtinchalik ahamiyatga molik va aholi tarkibi doimiy boʻlmagan hamda iqtisodiyot tegishli tarmogʻining xizmat maqsadidagi obyektlar hisoblanadigan binolar va inshootlarning guruhlari (vaxta usulida ishlovchi neftchilar, gazchilar, qidiruvchilarning posyolkalari hamda uylari), shuningdek alohida, yakka turgan uylar (temir yoʻl nazoratchilarining, oʻrmonchilarning uylari, dala shiyponlari va boshqalar) bu bino va inshootlar maʼmuriy, ishlab chiqarish yoki hududiy munosabatlarda qaysi shaharsozlik faoliyati subyektlari bilan bogʻliq boʻlsa, xuddi shu subyektlar tasarrufida boʻladi.
Aholi punktining turiga qarab qonun hujjatlarida shaharsozlik hujjatlarining tarkibi, ularni ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi belgilanadi.
Yangi aholi punktlarini joylashtirish hamda mavjud aholi punktlarini rivojlantirish aholi punkti turiga, ijtimoiy-iqtisodiy va shaharsozlik istiqboliga, Oʻzbekiston Respublikasi hududida aholini joylashtirish bosh tarhiga, hududlarni rejalashtirish tarhlari hamda tumanni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalariga, aholi punktlarining bosh rejalariga, shuningdek bunday punktlarni rejalashtirish va qurish loyihalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Aholi punktlarini tashkil etish hamda qayta tashkil etish, ularning maqomini va chegaralarini oʻzgartirish tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari asosida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
