8-modda. Yuridik va jismoniy shaxslarning shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish chogʻidagi majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish chogʻida yuridik va jismoniy shaxslar:
yashash va faoliyat koʻrsatish muhitini muhofaza qilishlari;
shaharsozlik hujjatlariga, aholi punktlari va hududlarni qurish qoidalariga (bundan buyon matnda qurish qoidalari deb yuritiladi) rioya etilishini taʼminlashlari;
atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlik talablariga, shuningdek sanitariya normalari hamda qoidalariga rioya etishlari;
atrof-muhitga, madaniy meros obyektlariga, shahar, qishloq landshaftlariga, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalar obyektlariga, hududlarni obodonlashtirish obyektlariga zararli taʼsir etadigan, uchinchi shaxslarning qonuniy manfaatlariga daxl etadigan hamda chegaradosh yer uchastkalari va boshqa koʻchmas mulk obyektlarining mulkdorlari, egalari yoki mazkur uchastka va obyektlardan foydalanuvchilar huquqlari amalga oshirilishiga monelik qiladigan xatti-harakatlar sodir etmasliklari;
yer uchastkalari va boshqa koʻchmas mulk obyektlaridan shaharsozlik reglamentlariga rioya etgan holda foydalanishlari;
shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan tekshirish va nazoratni amalga oshiradigan davlat organlarining koʻrsatmalarini bajarishlari;
shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan tekshirish va nazoratni amalga oshiradigan davlat organlarining mansabdor shaxslariga koʻmaklashishlari;
oʻzlariga tegishli obyektlardagi oʻzgarishlar haqida davlat shaharsozlik kadastri va shaharsozlik faoliyati obyektlarining monitoringi yuritilishini amalga oshiradigan organga hamda obyektlarni texnikaviy inventarizatsiyadan oʻtkazadigan tashkilotlarga ishonchli maʼlumotlar taqdim etishlari;
shaharsozlik hujjatlarining materiallarini, shu jumladan kompleks muhandislik qidiruvlarining materiallarini shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organining tegishli tarkibiy boʻlinmalariga belgilangan tartibda taqdim qilishlari shart.
