10-modda. Fuqarolar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va jamoat birlashmalarining shaharsozlik faoliyati sohasidagi qarorlarning muhokamasi va qabul qilinishidagi ishtiroki
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Fuqarolar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va jamoat birlashmalari yashash va faoliyat koʻrsatish muhitining holati, taxmin qilinayotgan oʻzgarishlari, aholi punktlarining bosh rejalari, uy-joy-fuqarolik obyektlarining qurilishi, rekonstruksiyasi, hududlarning obodonlashtirilishi, muhandislik va transport kommunikatsiyalarining oʻtkazilishi toʻgʻrisida oʻz vaqtida va ishonchli, toʻliq axborot olish hamda shaharsozlik faoliyati haqidagi oʻzga axborotni olish huquqiga ega.
Fuqarolar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va jamoat birlashmalarini shaharsozlik faoliyati toʻgʻrisida xabardor qilish davlat organlari tomonidan ommaviy axborot vositalari orqali, shuningdek jamoat muhokamalari oʻtkazish, ekspozitsiya va koʻrgazmalar tashkil etish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Fuqarolar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va jamoat birlashmalari shaharsozlik hujjatlari tasdiqlangunga qadar ularni muhokama qilish, ularga takliflar kiritish va shaharsozlik faoliyati sohasidagi qarorlarni tayyorlashda ishtirok etish huquqiga ega.
Davlat organlari fuqarolar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda jamoat birlashmalarining manfaatlariga daxldor, shaharsozlik faoliyati masalalariga taalluqli murojaatlarini oʻz vakolatlari doirasida koʻrib chiqadilar va ularga belgilangan muddatlarda asosli javoblar taqdim qiladilar.
Fuqarolar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va jamoat birlashmalari, basharti shaharsozlik faoliyati ularning manfaatlariga daxl etadigan boʻlsa, quyidagi huquqlarga ega:
shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilgan taqdirda binolar, inshootlar va boshqa obyektlarning joylashtirilishi, loyihalashtirilishi, qurilishi, rekonstruksiyasi yoki foydalanishga topshirilishi toʻgʻrisidagi qarorning maʼmuriy yoki sud tartibida bekor qilinishini talab qilish;
korxonalar faoliyatini, shuningdek boshqa koʻchmas mulk obyektlaridan foydalanishni, basharti ularni ishlatish shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzgan holda amalga oshirilayotgan boʻlsa, maʼmuriy yoki sud tartibida cheklash, toʻxtatib turish yoki taqiqlashni talab qilish;
shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilganligi munosabati bilan fuqarolarning hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkiga, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va jamoat birlashmalari mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisida sudga daʼvo taqdim qilish;
