26-modda. Yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini barpo etish toʻgʻrisidagi qarorni bekor qilish
Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida (O‘RQ-565-son) · Sana: 09.09.2019 · Amalda
Atom energiyasidan foydalanish obyektlarining xavfsizlik darajasi pasayishiga, atrof-muhit holatining yomonlashuviga yoki boshqa salbiy oqibatlarga sabab boʻluvchi qoʻshimcha omillar aniqlangan taqdirda, yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini barpo etish toʻgʻrisidagi qaror ushbu obyektlarning va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatning xavfsizligini asoslashga doir ekspertiza xulosalari asosida bekor qilinishi, ularning barpo etilishi esa, tugatilishi yoki toʻxtatib turilishi kerak.
Xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlar, vakolatli davlat organi, mahalliy davlat hokimiyati organlari yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini barpo etish toʻgʻrisidagi qarorni bekor qilish haqida atom energiyasidan foydalanish obyektlarining va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatning xavfsizligini asoslashga doir ekspertiza asosida qoʻshimcha omillarni asoslantirgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.
Yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini barpo etish toʻgʻrisidagi qarorni bekor qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan amalga oshiriladi.
Yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini barpo etish tugatilganligi yoki toʻxtatib turilganligi bilan bogʻliq zararlarning oʻrni ushbu omillar qaysi yuridik shaxslarning aybi tufayli oʻz vaqtida aniqlanmagan hamda hisobga olinmagan boʻlsa, oʻsha shaxslar hisobidan sud tartibida qoplanishi lozim. Barcha boshqa hollarda mazkur obyektlarni barpo etish tugatilganligi yoki toʻxtatib turilganligi bilan bogʻliq zararlarning oʻrni Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanishi lozim.
