27-modda. Sanitariya-muhofaza zonasini, kuzatuv zonasini va xavfsizlik zonasini belgilash
Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida (O‘RQ-565-son) · Sana: 09.09.2019 · Amalda
Yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punkti joylashtirilgan hududda xavfsizlikni taʼminlash maqsadlarida quyidagi alohida hududlar belgilab qoʻyiladi:
sanitariya-muhofaza zonasi — alohida foydalanish rejimiga ega maxsus hudud;
kuzatuv zonasi — yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punkti ushbu zonada yashovchi aholiga radiatsiyaviy taʼsir koʻrsatishi ehtimoli mavjud boʻlgan hudud;
xavfsizlik zonasi — alohida huquqiy rejimga ega hudud.
Sanitariya-muhofaza zonasi va kuzatuv zonasining oʻlchamlari hamda chegaralari atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarga muvofiq yadroviy qurilmaning va (yoki) saqlash punktining loyihasida belgilanadi.
Sanitariya-muhofaza zonasida yashash uchun moʻljallangan turar joylarni va jamoat binolarini, bolalar muassasalarini, shuningdek yadroviy qurilmaning va (yoki) saqlash punktining ishlashiga aloqador boʻlmagan hamda sanitariya-muhofaza zonasining tasdiqlangan loyihasida nazarda tutilmagan davolash-sogʻlomlashtirish muassasalarini, umumiy ovqatlanish obyektlarini, sanoat obyektlarini, yordamchi va boshqa inshootlarni hamda obyektlarni joylashtirish taqiqlanadi.
Sanitariya-muhofaza zonasida joylashgan mavjud obyektlar va inshootlarning foydalanish sohasi oʻzgargan taqdirda, ulardan xoʻjalik maqsadlari uchun foydalanishga ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning taqdimnomasiga koʻra xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlarning ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi.
Kuzatuv zonasida xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlar tomonidan xoʻjalik faoliyati uchun cheklovlar joriy etilishi mumkin.
Sanitariya-muhofaza zonasida va kuzatuv zonasida atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar hamda qoidalarga muvofiq radiatsiyaviy xavfsizlikning taʼminlanishi ustidan nazorat va radiatsiyaviy vaziyat monitoringi amalga oshiriladi.
Xavfsizlik zonasining oʻlchamlari va chegaralari atom energiyasidan foydalanish obyektining (hududning) himoyalanganligi taʼminlanganligi haqidagi axborotni hamda yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punkti hududida terrorchilik harakati sodir etilishining oldini olish, unga chek qoʻyish va (yoki) ushbu obyektlarda terrorchilik harakatining oqibatlarini tugatishga doir tadbirlar roʻyxatini oʻz ichiga olgan yadroviy qurilmaning va (yoki) saqlash punktining xavfsizlik pasporti hisobga olingan holda belgilanadi.
