25-modda. Yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini joylashtirish hamda barpo etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish
Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida (O‘RQ-565-son) · Sana: 09.09.2019 · Amalda
Yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini barpo etish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadi.
Yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini joylashtirish uchun maydoncha tanlash toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi.
Maxsus vakolatli organ tanlangan maydonchaning xavfsizligini asoslash yuzasidan davlat ekspertizasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda tashkil etadi hamda maydonchadan yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini joylashtirish uchun foydalanishga doir ruxsatnoma beradi.
Yadroviy qurilmaning va (yoki) saqlash punktining atrof-muhitga radiatsiyaviy taʼsirini baholash boʻyicha hujjatlar vakolatli davlat organi yoki ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan mazkur atom energiyasidan foydalanish obyektlarining loyiha hujjatlari tarkibida atom energiyasidan foydalanish obyektlarining va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatning xavfsizligini asoslashga doir ekspertiza uchun taqdim etiladi.
