24-modda. Atom energiyasidan foydalanish boʻyicha tadbirlarda fuqarolarning, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ishtiroki
Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida (O‘RQ-565-son) · Sana: 09.09.2019 · Amalda
Fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari:
atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat dasturlari hamda boshqa dasturlarning, normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini, yadroviy qurilmalar va (yoki) saqlash punktlarini joylashtirish, loyihalashtirish, barpo etish, ulardan foydalanish va ularni foydalanishdan chiqarish masalalarining muhokamasida ishtirok etishi hamda takliflar kiritishi;
atom energiyasidan foydalanish obyektlarining va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatning xavfsizligini asoslash yuzasidan ekspertiza oʻtkazishda ishtirok etish uchun oʻzining vakolatli vakillarini tavsiya etishi;
barpo etilishi moʻljallanayotgan, loyihalashtirilayotgan, barpo etilayotgan, foydalanilayotgan va foydalanishdan chiqarilayotgan yadroviy qurilmalar va (yoki) saqlash punktlarining xavfsizligi toʻgʻrisida tegishli davlat organlari hamda tashkilotlardan axborot soʻrashi va olishi, bundan davlat sirlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlar mustasno;
tanishish maqsadida yadroviy qurilmalar va (yoki) saqlash punktlariga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda tashrif buyurishi;
atom energiyasidan foydalanishga doir tadbirlarning amalga oshirilishiga koʻmaklashishi;
aholi oʻrtasida fuqarolarning xabardorligini, huquqiy savodxonligi va ekologik madaniyatini oshirishga qaratilgan tushuntirish ishlarini oʻtkazishda ishtirok etishi mumkin.
Radiatsiyaviy taʼsirga duchor boʻlgan fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan tartibda va shaklda beriladigan nurlanish dozasi toʻgʻrisida hujjatni olish huquqiga ega.
