23-modda. Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat nazorati va tekshiruvi
Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida (O‘RQ-565-son) · Sana: 09.09.2019 · Amalda
Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat nazorati va tekshiruvi xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat nazorati va tekshiruvi atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar, ularning rahbarlari, boshqa mansabdor shaxslari hamda xodimlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida va atom energiyasidan foydalanish toʻgʻrisidagi qonunchiligida belgilangan talablar (bundan buyon matnda majburiy talablar deb yuritiladi) buzilishining oldini olishga, ularni aniqlash va bartaraf etishga qaratilgandir.
Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat nazorati va tekshiruvi tekshirishlarni (inspeksiyalarni) tashkil etish hamda oʻtkazish, aniqlangan qoidabuzarliklarga barham berish yuzasidan choralar koʻrish, ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlar, shuningdek boshqa yuridik shaxslar tomonidan mazkur sohadagi faoliyatni amalga oshirish chogʻida majburiy talablar ijrosi ustidan tizimli kuzatish, majburiy talablar ijrosining holatini tahlil va prognoz qilish orqali amalga oshiriladi.
Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot, shuningdek boshqa yuridik shaxs tomonidan atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatni amalga oshirish jarayonida xavfsizlikni taʼminlash uchun zarur boʻlgan majburiy talablarga, litsenziyaning amal qilish shartlariga rioya etilishi, atom energiyasidan foydalanish obyektlarining mazkur sohada belgilangan normalar va qoidalarga muvofiqligi tekshirish (inspeksiya) predmetidir.
Yadroviy qurilmalar va (yoki) saqlash punktlari uchun yadroviy, radiatsiyaviy, sanoat, yongʻinga oid, sanitariya-epidemiologik, ekologik xavfsizlikni taʼminlash ustidan tegishincha davlat nazorati hamda tekshiruvini amalga oshiradigan xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlarning bevosita yadroviy qurilmalardagi va (yoki) saqlash punktlaridagi doimiy vakilligini nazarda tutuvchi davlat nazorati va tekshiruvi rejimi belgilanadi.
Atom energiyasidan foydalanish obyektlarini jisman himoya qilishni taʼminlash ustidan davlat nazorati va tekshiruvi xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlar tomonidan amalga oshiriladi.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va boshqa yuridik shaxslarning avariyaga oid shayligi ustidan davlat nazorati maxsus vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va boshqa yuridik shaxslarning avariyaga oid shayligi ustidan davlat tekshiruvi Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
