16-modda. Davlat xizmati sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida (O‘RQ-562-son) · Sana: 02.09.2019 · Amalda
Davlat xizmati sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash orqali davlat boshqaruvida turli jinsdagi shaxslarning ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratilishi kafolatlanadi.
Davlat xotin-qizlarga erkaklar bilan teng sharoitlarda va hech bir kamsitishsiz xalqaro miqyosda davlatning vakili boʻlish hamda xalqaro tashkilotlar ishida ishtirok etish imkoniyatini taʼminlash uchun tegishli chora-tadbirlar koʻradi.
Davlat xizmatiga qabul qilish chogʻida va uni oʻtash davrida jins boʻyicha bevosita va bilvosita kamsitishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Xotin-qizlar va erkaklarni davlat xizmatiga qabul qilishdagi tenglik malakaga va kasbiy tayyorgarlikka muvofiq taʼminlanadi.
Davlat xizmatchilari lavozimlarini egallash uchun kadrlar zaxirasini shakllantirish, ularning xizmatda koʻtarilishi xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar taʼminlangan holda amalga oshiriladi.
Davlat xizmatida xizmatchilarning lavozim toifalarini hisobga olgan holda bir jinsdagi xodimlarning lavozimlarni egallashi uchun kvotalash tizimini belgilashni nazarda tutuvchi gender siyosati amalga oshirilishini taʼminlashga doir vaqtinchalik maxsus choralarni qoʻllashga ruxsat beriladi. Kvota vaqtinchalik chora sifatida joriy etiladi hamda u davlat organlarida xotin-qizlar va erkaklar vakilligining mutanosibligiga erishilishiga qarab bekor qilinishi mumkin.
Davlat organlari rahbarlari lavozimlariga kadrlar zaxirasini shakllantirishda xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligiga rioya etilishi zarur.
Davlat organlarining rahbarlari va tegishli mansabdor shaxslar xotin-qizlar va erkaklarni davlat xizmatiga qabul qilishda teng huquqlilikni ularning qobiliyati va kasbiy tayyorgarligiga muvofiq taʼminlashi shart.
