17-modda. Davlat xizmatidagi lavozimlarni egallash uchun tanlovlarda xotin-qizlar va erkaklarning teng ravishda ishtirok etishi
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida (O‘RQ-562-son) · Sana: 02.09.2019 · Amalda
Davlat xizmatidagi lavozimlarni, shu jumladan rahbarlik lavozimlarini egallash uchun tanlovda xotin-qizlar va erkaklarning teng ravishda ishtirok etishi taʼminlanishi kerak.
Davlat organlarining kadrlar xizmatlari zimmasiga tanlov komissiyalariga nafaqat tanlovda ishtirok etayotgan shaxslarning maʼlumoti va kasbiy tayyorgarligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, balki davlat xizmatining tegishli lavozimlarida ishlayotgan xotin-qizlar va erkaklar sonining nisbati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ham taqdim etish majburiyati yuklatiladi. Shunga oʻxshash maʼlumotlar xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlashga doir chora-tadbirlar koʻrish uchun davlat xizmatchilarini attestatsiyadan oʻtkazish, xizmat boʻyicha koʻtarish masalalarini hal qilishda davlat organlarining kadrlar xizmatlari tomonidan taqdim etiladi.
