15-modda. Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi ishtiroki
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida (O‘RQ-562-son) · Sana: 02.09.2019 · Amalda
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari:
xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, onalik, otalik va bolalikni himoya qilish tizimini takomillashtirishga, erkaklar bilan teng ravishda xotin-qizlarning ijtimoiy hamda ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun bandlik sohasida teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlashga, shu jumladan kasanachilikni tashkil etishga, oilalar uchun ijtimoiy xizmatlar tarmogʻini yaratishga koʻmaklashadi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi davlat organlarining qarorlarini, davlat dasturlarini, milliy harakatlar rejalarini hamda strategiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash masalalari boʻyicha davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, ilmiy muassasalar va taʼlim muassasalari hamda boshqa tashkilotlar bilan ijtimoiy sheriklik asosida hamkorlik qiladi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar madaniyatini shakllantirishga qaratilgan oʻquv, axborot-maʼrifiy tadbirlarini amalga oshiradi;
normativ-huquqiy hujjatlarni va ularning loyihalarini gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazishda ishtirok etadi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlashga qaratilgan tadbirlarni oʻtkazishda davlat organlariga koʻmaklashadi;
jins boʻyicha bevosita yoki bilvosita kamsitilgan shaxslarning huquqlarini davlat organlarida va sudda himoya qilishga koʻmaklashadi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikning ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.
