5-modda. Mualliflik huquqi bilan qoʻriqlanadigan asarlar (mualliflik huquqi obyektlari)
Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida (272-I-son) · Sana: 30.08.1996 · Amalda
Mualliflik huquqi ijodiy faoliyat natijasi boʻlmish fan, adabiyot va sanʼat asarlariga nisbatan ularning maqsadi va qadr-qimmati, shuningdek ifodalanish usulidan qatʼi nazar, tatbiq qilinadi.
Asar ogʻzaki, yozma shaklda yoki uni idrok etish imkonini beradigan boshqa obyektiv shaklda ifodalangan boʻlishi lozim.
Yozma shakldagi yoki moddiy jismda oʻzgacha usulda ifodalangan asar (qoʻlyozma, mashinka yozuvi, notali yozuvlar, texnika vositalari yordamidagi yozuv, shu jumladan audio yoki videoyozuv, ikki oʻlchovli yoki hajmiy-fazoviy shaklda yaratilgan tasvir va hokazo), undan uchinchi shaxslarning foydalanish imkoniyati bor-yoʻqligidan qatʼi nazar, obyektiv shaklga ega deb hisoblanadi.
Ogʻzaki yoki moddiy jismda ifodalanmagan boshqa asar, basharti u uchinchi shaxslar idrok eta oladigan holga kelgan boʻlsa (omma oldida soʻzlash, ommaviy ijrochilik va hokazo), obyektiv shaklga ega deb hisoblanadi.
Mualliflik huquqi eʼlon qilingan asarlarga nisbatan ham, eʼlon qilinmagan asarlarga nisbatan ham tatbiq qilinadi.
Mualliflik huquqi gʻoyalar, konsepsiyalar, prinsiplar, tizimlar, taklif qilinayotgan yechimlar, obyektiv mavjud kashfiyotlarga nisbatan tatbiq qilinmaydi.
Mualliflik huquqining yuzaga kelishi uchun asarni roʻyxatdan oʻtkazish yoki boshqa biron-bir rasmiyatchilikka rioya etish talab qilinmaydi.
