93-modda. Adjasterning huquq va majburiyatlari
Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida (358-II-son) · Sana: 05.04.2002 · Amalda
Adjaster quyidagi huquqlarga ega:
adjaster xizmatlari koʻrsatiladigan sugʻurtalovchini (sugʻurta qildiruvchini) va boshqa buyurtmachilarni erkin tanlash;
sugʻurta voqeasini (sugʻurta hodisasini) oʻrganish uchun sugʻurtalovchidan (sugʻurta qildiruvchidan) va boshqa buyurtmachilardan zarur axborotni soʻrash va olish;
sugʻurta hodisasi yuz berganidan soʻng sugʻurta obyektini koʻzdan kechirish va tekshirish;
oʻzi sugʻurta obyektini sirtdan (zarur hollarda — texnika vositalarini qoʻllagan holda) koʻzdan kechirganligi toʻgʻrisidagi dalolatnomani rasmiylashtirish;
sugʻurta hodisasi roʻy berishining sabablari va holatlarini, shuningdek sugʻurta tovoni (sugʻurta puli) miqdorini aniqlash uchun zarur boʻlgan tegishli axborot va hujjatlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlardan, sudlar, tibbiyot, seysmologiya, veterinariya, gidrometeorologiya tashkilotlari hamda boshqa tashkilotlardan belgilangan tartibda soʻrash va olish;
Adjaster qonunchilikka va oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Adjaster:
sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
sugʻurta hujjatlarining saqlanishini taʼminlashi;
mijozning tijorat sirini yoki boshqa sirini tashkil etadigan maʼlumotlarning maxfiyligini saqlashi;
sugʻurta hodisasiga taalluqli maʼlumotlarni oʻz vaqtida tahlil qilish uchun chora-tadbirlar koʻrishi.
qonunchilikda belgilangan axborotni maxsus vakolatli davlat organining talabiga koʻra taqdim etishi shart.
Adjaster zimmasida qonunchilikka va oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
