92-modda. Adjaster
Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida (358-II-son) · Sana: 05.04.2002 · Amalda
Adjaster sugʻurtalovchining (sugʻurta qildiruvchining) va boshqa buyurtmachining topshirigʻi boʻyicha quyidagi xizmatlarni koʻrsatuvchi, oʻz shtatida tegishli mutaxassislarga ega boʻlgan yuridik shaxs yoki professional bilim va malakaga ega boʻlgan jismoniy shaxsdir:
sugʻurta hodisasi yuz berganidan keyin sugʻurta obyektini koʻzdan kechirish va tekshirish;
sugʻurta hodisasi faktlarini va tavakkalchilik holatlarini tahlil qilish;
sugʻurta obyektining shikastlanish sabablarini va sugʻurta hodisasi mavjudligini aniqlash;
sugʻurta hodisasi mavjud boʻlgan taqdirda — sugʻurta hodisasi oqibatida vujudga kelgan shikastlanish darajasi va zarar miqdorini belgilash;
toʻlanishi kerak boʻlgan sugʻurta tovoni summasini aniqlash;
sugʻurta hodisasi boʻyicha xulosa tuzish.
Adjaster oʻz faoliyatini sugʻurtalovchi (sugʻurta qildiruvchi) va boshqa buyurtmachi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshiradi.
Adjaster:
sugʻurtalovchi sifatida sugʻurta va qayta sugʻurta qilish operatsiyalari oʻtkazishga;
sugʻurta boʻyicha vositachilik faoliyatini amalga oshirishga;
sugʻurtalovchilarning ustav fondlarida ishtirok etishga haqli emas.
Adjaster xizmati koʻrsatish natijalari hisobot tarzida rasmiylashtirilib, undan sugʻurtalovchi zararlarning oʻrnini qoplash va nizolarni hal qilish chogʻida foydalanishi mumkin.
Adjasterning hisobotida koʻrsatilgan xulosalar mustaqil sugʻurta ekspertizasi jarayonida qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
