35-modda. Ruxsatnomaning amal qilishini tugatish
Qurol toʻgʻrisida (O‘RQ-550-son) · Sana: 29.07.2019 · Amalda
Ruxsatnomaning amal qilishi quyidagi hollarda tugatiladi:
ruxsatnoma egasi uning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat etganda;
yuridik shaxs boʻlgan ruxsatnoma egasi tugatilganda — tugatilgan paytdan eʼtiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda — qayta tashkil etilgan paytdan eʼtiboran, bundan uning oʻzgartirilishi mustasno, shuningdek qoʻshilish natijasida qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxslarda yangidan paydo boʻlgan yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sanasida ayni oʻsha harakatni va (yoki) faoliyatni bajarish va (yoki) amalga oshirishga doir ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat mavjud boʻlganda;
ovchilik guvohnomasining amal qilishi tugatilganda (ov quroliga doir ruxsatnomalarga nisbatan);
jismoniy shaxs boʻlgan ruxsatnoma egasi vafot etganda, uning muomala layoqati cheklanganda, u muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
ushbu Qonun 13-moddasi toʻqqizinchi qismining uchinchi — oʻninchi va oʻn ikkinchi xatboshilarida nazarda tutilgan, ruxsatnoma olish imkoniyatini istisno etadigan holatlar yuzaga kelganda;
ruxsatnoma egasi ruxsat berishga doir talablar va shartlarni bir yil davomida muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marotaba) yoki bir marotaba qoʻpol ravishda buzganda, agar mazkur qoidabuzarliklar fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga, jamoat xavfsizligiga zarar yetkazilishiga olib kelgan boʻlsa;
ruxsatnoma egasi ruxsatnomaning amal qilishi toʻxtatib turilishiga sabab boʻlgan holatlarni ichki ishlar organi yoki sud tomonidan belgilangan muddatda bartaraf etmaganda;
ichki ishlar organining ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi qarori qonunga xilof ekanligi aniqlanganda;
ruxsatnomaning amal qilish muddati oʻtganda;
bajarilishi uchun ruxsatnoma berilgan bir martalik harakat bajarilganda.
Ushbu modda birinchi qismining uchinchi, toʻrtinchi, beshinchi, oʻninchi va oʻn birinchi xatboshilarida koʻrsatilgan hollar yuzaga kelishi bilan ruxsatnomaning amal qilishi tugatilgan hisoblanadi.
Ruxsatnomaning amal qilishi ushbu modda birinchi qismining ikkinchi va oltinchi xatboshilarida koʻrsatilgan hollarda ichki ishlar organi tomonidan, shuningdek ushbu modda birinchi qismining yettinchi, sakkizinchi va toʻqqizinchi xatboshilarida koʻrsatilgan hollarda esa sud tomonidan tugatiladi.
Ruxsatnomaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi sudning qarori ruxsatnomaning egasiga va ichki ishlar organiga qonunchilikda belgilangan muddatlarda yetkaziladi.
