34-modda. Ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turish
Qurol toʻgʻrisida (O‘RQ-550-son) · Sana: 29.07.2019 · Amalda
Ruxsatnomaning amal qilishi quyidagi hollarda toʻxtatib turilishi mumkin:
ruxsat berishga doir talablar va shartlar ruxsatnomaning egasi tomonidan buzilganligi aniqlanganda;
ruxsatnoma egasi zimmasiga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi sud qarori yoki ichki ishlar organining koʻrsatmasi bajarilmaganda.
Ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turish sud tartibida amalga oshiriladi, ruxsatnomaning amal qilishi qurol va uning oʻq-dorilari yoʻqolishi yoki talon-toroj qilinishi xavfining oldini olish bilan bogʻliq holda oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib turilgan taqdirda esa ichki ishlar organi tomonidan ham amalga oshiriladi.
Ichki ishlar organining ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori uning egasiga qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir ish kunidan kechiktirmay, ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turish sabablari va qonunchilikning aniq normalari koʻrsatilgan holda yozma yoki elektron (mavjud boʻlgan taqdirda) shaklda yetkaziladi.
Ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi sudning qarori uning egasiga qonunchilikda belgilangan muddatlarda yetkaziladi.
Ichki ishlar organi yoki sud ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turishga sabab boʻlgan holatlarning ruxsatnoma egasi tomonidan bartaraf qilinishi muddatini belgilashi shart. Bunda ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turishga sabab boʻlgan holatlarni bartaraf etish uchun belgilangan muddat besh ish kunidan kam boʻlmasligi kerak.
Ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turish muddati uning umumiy amal qilish muddatiga kirmaydi.
Ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turishga sabab boʻlgan holatlar ruxsatnoma egasi tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, ichki ishlar organi yoki sud koʻrsatilgan holatlar bartaraf etilganligi haqida tasdiqnoma olingan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida ruxsatnomaning amal qilishini qayta tiklash toʻgʻrisida qaror qabul qilishi shart.
Ichki ishlar organining ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turish sud tomonidan asossiz deb topilgan taqdirda, ichki ishlar organi ruxsatnoma egasi oldida u koʻrgan zarar miqdorida javobgar boʻladi.
