29-modda. Fuqaroviy qurolni va uning oʻq-dorilarini chet el fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan olish.
Qurol toʻgʻrisida (O‘RQ-550-son) · Sana: 29.07.2019 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ushbu Qonunda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tartibda fuqaroviy qurolni va uning oʻq-dorilarini olish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha turgan chet el fuqarolari oʻzlari fuqarosi boʻlgan chet davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va ularga tenglashtirilgan tashkilotlarning iltimosnomalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan berilgan qurol olishga doir ruxsatnomalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasida fuqaroviy qurolni va uning oʻq-dorilarini olish huquqiga ega. Olingan fuqarolik quroli va uning oʻq-dorilari ular olingan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqilishi lozim.
