28-modda. Qurolni va uning oʻq-dorilarini olib qoʻyish
Qurol toʻgʻrisida (O‘RQ-550-son) · Sana: 29.07.2019 · Amalda
Qurolni va uning oʻq-dorilarini olib qoʻyish ichki ishlar organlari tomonidan quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
qurol va uning oʻq-dorilari muomalasi qoidalari jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan buzilganda;
qurolning mulkdori boʻlgan fuqaro vafot etganda mol-mulkni meros qilib olish masalasi hal boʻlguniga qadar, shuningdek qonuniy asoslarda jangovar yoki xizmat quroliga ega boʻlgan fuqaro vafot etganda;
qurolning mulkdori boʻlgan fuqaro bedarak yoʻqolgan deb topilganda, shuningdek mol-mulkni meros qilib olish toʻgʻrisidagi masala hal boʻlguniga qadar fuqaro vafot etgan deb eʼlon qilinganda;
litsenziat yoki qurol muomalasiga doir ruxsatnoma egasi boʻlgan yuridik shaxs tugatilganda;
fuqaroviy va xizmat quroli muomalasi sohasidagi ruxsatnomalar toʻxtatib turish uchun asos boʻlgan masala hal etilgunga qadar toʻxtatib turilganda;
fuqaroviy va xizmat quroli muomalasi sohasidagi litsenziyalar hamda ruxsatnomalar tugatilganda, bekor qilinganda;
xotin-qizlarga nisbatan tazyiq oʻtkazgan va (yoki) zoʻravonlik sodir etgan, bolalarga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan shaxsning fuqaroviy qurolni saqlash va olib yurish huquqi himoya orderining amal qilishi yoki unda koʻrsatilgan muddat davrida cheklanganda;
ushbu Qonun 13-moddasi oʻninchi qismining beshinchi, oltinchi, yettinchi, oʻn toʻrtinchi va oʻn beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan qurolga egalik qilishga monelik qiladigan holatlar yuzaga kelganda;
aniq holatlarga bogʻliq ravishda favqulodda holat joriy etilganda.
Qurolni va uning oʻq-dorilarini olib qoʻyish quyidagilar tomonidan ham amalga oshiriladi:
tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilgan hollarda, ov, baliq ovlash, tabiatni va tabiiy boyliklarni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlar tomonidan oʻz vakolatlari doirasida, keyinchalik qurol va uning oʻq-dorilari huquqbuzarlik sodir etilgan joydagi ichki ishlar organlariga topshirilgan holda;
bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilgan hollarda, bojxona organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida, keyinchalik qurol va uning oʻq-dorilari huquqbuzarlik sodir etilgan joydagi ichki ishlar organlariga topshirilgan holda;
boshqa organlar tomonidan oʻz vakolatlari doirasida.
Olib qoʻyilgan, shuningdek musodara qilingan qurol va uning oʻq-dorilari ichki ishlar organlariga topshirilishi lozim. Bunda olib qoʻyilgan, jinoyat ishlari boʻyicha ashyoviy dalil deb topilgan qurol va uning oʻq-dorilari jinoyat-protsessual qonunchilikda belgilangan tartibda topshiriladi.
