27-modda. Fuqaroviy va xizmat quroli hamda uning oʻq-dorilari egalarining huquq va majburiyatlari
Qurol toʻgʻrisida (O‘RQ-550-son) · Sana: 29.07.2019 · Amalda
Fuqaroviy va xizmat quroli hamda uning oʻq-dorilari egalari quyidagi huquqlarga ega:
fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning oʻq-dorilarini realizatsiya qilish, kolleksiyalash va koʻrgazmaga qoʻyish;
fuqaroviy qurol va uning oʻq-dorilarini meros qilib olish;
fuqaroviy va xizmat qurolidan hamda uning oʻq-dorilaridan oʻz moʻljallangan maqsadi boʻyicha foydalanish;
tegishli ruxsatnoma boʻlgan taqdirda, fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning oʻq-dorilarini saqlash va olib yurish.
Fuqaroviy va xizmat quroli hamda uning oʻq-dorilari egalari:
oʻz mulkidagi fuqaroviy qurolni ichki ishlar organlarida roʻyxatdan oʻtkazishi (qayta roʻyxatdan oʻtkazishi), bundan ushbu Qonun 11-moddasining toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan hollar mustasno;
fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning oʻq-dorilarini tashishning ushbu Qonunda belgilangan tartibiga rioya etishi;
fuqaroviy va xizmat quroli hamda uning oʻq-dorilari but saqlanishini taʼminlashi;
qurol toʻgʻrisidagi qonunchilikning talablariga rioya etilishini tekshirish uchun ichki ishlar organlari xodimlarining fuqaroviy va xizmat quroli saqlanadigan obyektlar hududiga hamda joylarga soat 6-00 dan 22-00 gacha moneliksiz kirishini taʼminlashi, tanishib chiqish uchun ularga zarur hujjatlarni taqdim etishi;
ovchilarning jamoat birlashmasida (ov quroli uchun) va otish sporti sohasidagi faoliyat bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslarda (sport quroli uchun) qurol bilan xavfsiz muomalada boʻlish qoidalariga oid bilimlarining tekshiruvidan oʻtishi;
ichki ishlar organlarining yoʻllanmasi boʻyicha qurolga egalik qilishga qarshi koʻrsatmalar mavjud emasligi yuzasidan tibbiy tekshiruvdan oʻtishi;
doimiy yashash joyi oʻzgargan taqdirda, yangi doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddat ichida tegishli ichki ishlar organiga oʻziga tegishli fuqaroviy qurolni qayta roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilishi shart.
