26-modda. Fuqaroviy va xizmat qurolining qoʻllanilishi
Qurol toʻgʻrisida (O‘RQ-550-son) · Sana: 29.07.2019 · Amalda
Fuqaroviy va xizmat qurolini saqlash hamda olib yurish huquqiga ega boʻlgan jismoniy shaxslar zaruriy mudofaa holatida yoki oxirgi zarurat holatida oʻz hayoti va sogʻligʻini, boshqa fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini hamda mol-mulkni himoya qilish uchun qurolni qoʻllashi mumkin. Fuqaroviy va xizmat quroli qoʻllanilishidan avval bu haqda oʻziga qarshi qurol qoʻllanilayotgan shaxs aniq ifodalangan tarzda ogohlantirilishi kerak, bundan shunday ogohlantirishning imkoni boʻlmagan yoxud qurolning qoʻllanilishini kechiktirish fuqarolarning va qurol egasining hayotiga bevosita xavf tugʻdiradigan yoki boshqa ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan hollar mustasno. Bunda zaruriy mudofaa holatida qurolning qoʻllanilishi uchinchi shaxslarga zarar yetkazmasligi kerak.
Homiladorlik belgilari sezilib turgan ayollarga, nogironlik belgilari koʻrinib turgan shaxslarga, yoshi aniq koʻrinib turgan yoki maʼlum boʻlgan voyaga yetmaganlarga nisbatan fuqaroviy va xizmat qurolini qoʻllash taqiqlanadi, bundan ularning qurolli qarshilik koʻrsatganligi, fuqarolarning yoxud qurolni qoʻllayotgan shaxsning hayoti va sogʻligʻiga tahdid etib hujum qilganligi hollari mustasno.
Fuqaroviy va xizmat quroli qoʻllanilgan, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga zarar yetkazilishiga olib kelgan har bir holat toʻgʻrisida qurol egasi qurol qoʻllanilgan joydagi ichki ishlar organiga darhol xabar qilishi shart.
Fuqaroviy va xizmat quroli qoʻllanilganligi natijasida fuqarolarning sogʻligʻiga zarar yetkazilgan taqdirda, mazkur qurol egasi badaniga shikast yetgan fuqarolarga birinchi yordam koʻrsatishi, shuningdek ularga imkon qadar qisqa muddatda birinchi tibbiy yordam berilishi choralarini koʻrishi shart.
Fuqaroviy va xizmat quroli qoʻllanilganligi natijasida fuqarolarning hayotiga, sogʻligʻiga hamda mol-mulkiga zarar yetkazilgan har bir holat toʻgʻrisida ichki ishlar organlari darhol prokurorga xabar qiladi.
Fuqaroviy qurolni ov va sport bilan shugʻullanish uchun qoʻllash, shuningdek xizmat qurolini qoʻllash qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
