25-modda. Fondda hisobga olish va hisobot
Jamoat fondlari toʻgʻrisida (527-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Fond oʻz faoliyati natijalari hisobini yuritadi hamda belgilangan tartibda davlat soliq xizmati organlari va davlat statistika organlariga hisobot taqdim etadi.
Fond har yili oldingi yildagi oʻz faoliyati toʻgʻrisida quyidagilarni oʻz ichiga olgan hisobot eʼlon qiladi:
fondning hisobot davridagi faoliyati sharhini, bu faoliyat fondning ustavida belgilangan maqsad va vazifalarga muvofiqligi darajasini koʻrsatgan holda;
fondning yillik moliyaviy hisobotini, auditorlik tashkilotining xulosasini koʻrsatgan holda (bundan hisobot davrida bank hisobvaraqlarida pul aylanmasi mavjud boʻlmagan fondning oʻz faoliyatini auditorlik tekshiruvidan oʻtkazmaganligi hollari mustasno);
fond olgan ixtiyoriy xayriyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
fondning tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlari (foydasi) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, bu daromadlarning (foydaning) kelib chiqish manbalarini alohida-alohida koʻrsatgan holda;
xarajatlar umumiy summasini, fond faoliyatining ayrim turlari boʻyicha va maʼmuriy xarajatlar boʻyicha alohida-alohida koʻrsatgan holda;
fond ustavi va fond organlaridagi oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
fondning ustavida yoki fondning vasiylik kengashi tomonidan belgilangan boshqa maʼlumotlarni.
