24-modda. Fondning mol-mulkidan foydalanish
Jamoat fondlari toʻgʻrisida (527-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Fondning mol-mulkidan fond ustavida belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirish hamda maʼmuriy xarajatlarni qoplash uchun foydalaniladi.
Fondning maʼmuriy xarajatlari fond tomonidan hisobot davrida fondni boshqarish uchun qilingan barcha xarajatlarni va birinchi navbatda uning aktivlarini asrash hamda saqlab turish uchun zarur xarajatlarni, fondning oʻz ustavida belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun reklamaga sarflagan xarajatlarini, shuningdek qonunchilikka muvofiq fond faoliyati bilan bogʻliq xarajatlarni va toʻlovlarni oʻz ichiga oladi.
Har yilgi maʼmuriy xarajatlarning jami summasi, shuningdek fondning vasiylik kengashi hamda taftish komissiyasi aʼzolariga haq toʻlash hamda ularning oʻz vazifalarini bajarish bilan bogʻliq xarajatlarini kompensatsiya qilish fond barcha xarajatlari summasining oʻttiz foizidan oshmasligi kerak. Mazkur cheklov homiylik dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etadigan shaxslarning mehnatiga haq toʻlashga nisbatan qoʻllanilmaydi.
Fondning mol-mulki fondga aloqador shaxslar oʻrtasida taqsimlanishi mumkin emas.
Fondning mol-mulkini koʻpaytirish uchun fondga mablagʻ kiritgan shaxslar mablagʻ berayotganda bu mablagʻlardan belgilangan maqsadda foydalanilishi toʻgʻrisida, shu jumladan fondni qayta tashkil etishda yoki tugatishda mablagʻlarni qaytarish shartlari toʻgʻrisida fond bilan shartnomalar tuzishi mumkin.
