23-modda. Fondning oʻziga aloqador shaxslar bilan munosabatlari
Jamoat fondlari toʻgʻrisida (527-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Fondga aloqador shaxslar quyidagilardir:
fond muassislari (muassisi) yoki fond vasiyatnoma boʻyicha tashkil etilganida vasiyatnomani ijro etuvchi;
fond muassislari (muassisi) yoki fond vasiyatnoma boʻyicha tashkil etilganida vasiyatnomani ijro etuvchi bilan yaqin qarindoshchilik yoki quda-andachilik aloqalari boʻlgan shaxslar, shuningdek mazkur muassislarning (muassisning) yoki vasiyatnomani ijro etuvchining kreditorlari;
fond muassislari (muassisi) boʻlmish yuridik shaxslarning ishtirokchilari, kreditorlari, shuningdek ular bilan mehnatga oid munosabatlarda boʻlgan shaxslar;
ustav fondida (ustav kapitalida) fondning oʻzi ishtirok etayotgan yuridik shaxslar va ularning xodimlari, shuningdek mazkur xodimlar bilan yaqin qarindoshchilik yoki quda-andachilik aloqalari boʻlgan shaxslar;
fond vasiylik kengashining aʼzolari, fond boshqaruvining rahbari va aʼzolari, fond taftish komissiyasining aʼzolari, fondning boshqa xodimlari, shuningdek ular bilan yaqin qarindoshchilik yoki quda-andachilik aloqalari boʻlgan shaxslar.
Fondning oʻziga aloqador shaxslar bilan bitimlar tuzishiga, shuningdek ularning foydasini koʻzlab boshqa harakatlar sodir etishiga vasiylik kengashining roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.
Fond quyidagi hollarda oʻziga aloqador shaxslar bilan bitimlar tuzishga yoki ularning foydasini koʻzlab boshqa harakatlar sodir etishga haqli emas:
fondga aloqador shaxslar bilan bunday bitimlar tuzish yoki harakatlar sodir etish fondga aloqador boʻlmagan shaxslar bilan boʻlgandagiga nisbatan bir muncha qulay shartlarda amalga oshirilayotgan boʻlsa;
fondga aloqador shaxs fond vasiylik kengashining aʼzosi boʻlsa.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan talablar fondning tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan tasdiqlangan vasiylik kengashi aʼzosiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
