“16-modda. Deputatning va Senatda doimiy asosda ishlayotgan senatorning mehnat huquqlari kafolatlari
Baʼzi davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-536-son) · Sana: 10.05.2019 · Amalda
Deputatlarga, senatorlarga vakolatlari muddati tugaganidan keyin ishga joylashishga doir kafolatlar beriladi. Vakolatlari muddati tugagach, deputatga, senatorga oʻzining roziligi bilan boshqa lavozimdagi ish, shu jumladan yuqoriroq lavozimdagi ish ham berilishi mumkin.
Deputat, senator ilgarigi ish joyiga (lavozimiga) qaytgan taqdirda, deputatning, senatorning avvalgi egallab turgan lavozimiga qabul qilingan shaxs bilan mehnat shartnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 106-moddasining 2-bandiga muvofiq bekor qilinadi.
Korxona, muassasa, tashkilot qayta tashkil etilgan yoki xodimlari soni (shtati) oʻzgargan taqdirda deputatga, senatorga vakolatlari muddati tugaganidan keyin ilgarigi ish joyi boʻyicha boshqa avvalgisiga teng lavozim beriladi. Bunda deputatni, senatorni ishga joylashtirish majburiyati huquqiy voris zimmasiga yuklatiladi.
Korxona, muassasa yoki tashkilot tugatilgan taqdirda, deputatga, senatorga oʻzining roziligi bilan boshqa korxonada, muassasada yoxud tashkilotda ish (lavozim) beriladi. Bunda deputatni, senatorni ishga joylashtirish majburiyati yuqori turuvchi organ yoki boshqa vakolatli organ zimmasiga yuklatiladi.
Saylanishiga (tayinlanishiga) qadar, lavozimlarga tayinlash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan amalga oshiriladigan lavozimlarda ishlagan deputatlarni, senatorlarni ishga joylashtirish tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
Qonunchilik palatasi va Senat tarqatib yuborilgan taqdirda, deputatga, senatorga ishdan boʻshatish oylik nafaqasi hisobga olingan holda ishga joylashish davrida qonunda belgilangan tartibda oʻrtacha oylik ish haqi toʻlanadi.
Deputatning, senatorning vakolatlari muddati umumiy ish stajiga, xizmat muddatiga va avvalgi ixtisosi boʻyicha ish stajiga qoʻshib hisoblanadi”.
13-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 11-oktabrda qabul qilingan “Qonun loyihalarini tayyorlash va ularni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi OʻRQ-60-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 10, 537-modda; 2014-yil, № 5, 130-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 1, 1, 4-moddalar) 6-moddasi quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
