30-modda. Davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun jalb qilingan mol-mulk
Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida (O‘RQ-537-son) · Sana: 10.05.2019 · Amalda
Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim davlat sherigining davlat-xususiy sheriklik obyektini tashkil etuvchi mol-mulkni va (yoki) davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan boshqa mol-mulkni xususiy sherikka egalik qilish va undan foydalanish uchun berish majburiyatini nazarda tutishi mumkin. Bunda mol-mulkning berilishini taʼminlash yoki tashkil etish davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim va Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi asosida amalga oshiriladi hamda qoʻshimcha shartnomalar yoki bitimlar tuzish talab qilinmaydi.
Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning mulk huquqiga ega boʻlgan taraflari bunday huquqlarni, shu jumladan yer uchastkalarining, boshqa koʻchmas, shuningdek koʻchar mol-mulkning va nomoddiy aktivlarning ijarasiga boʻlgan huquqni, ularga egalik qilish, ulardan foydalanish huquqini davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan doirada, boshqa mulkiy huquqlar bilan bir qatorda bir-biriga berishi mumkin.
