29-modda. Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni oʻzgartirish, unga qoʻshimcha kiritish yoki uni bekor qilish
Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida (O‘RQ-537-son) · Sana: 10.05.2019 · Amalda
Agar qonunchilikda yoki davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim taraflarning kelishuviga koʻra yoxud sudning qaroriga binoan oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki u bekor qilinishi mumkin.
Umumiy qiymati bir million AQSH dollariga qadar boʻlgan ekvivalentdagi davlat-xususiy sheriklik loyihasi boʻyicha davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni oʻzgartish, unga qoʻshimcha kiritish yoki uni bekor qilish davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda belgilangan tartibda davlat sherigi va xususiy sherik tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
Umumiy qiymati bir million AQSH dollaridan ortiq boʻlgan ekvivalentdagi davlat-xususiy sheriklik loyihasi boʻyicha davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni oʻzgartirish, unga qoʻshimcha kiritish yoki uni bekor qilish vakolatli davlat organi bilan kelishuvga koʻra amalga oshiriladi.
Umumiy qiymati oʻn million AQSH dollaridan ortiq boʻlgan ekvivalentdagi davlat-xususiy sheriklik loyihasi boʻyicha davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni oʻzgartirish, unga qoʻshimcha kiritish yoki uni bekor qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishuvga koʻra amalga oshiriladi.
