31-modda. Yer uchastkalarini berish
Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida (O‘RQ-537-son) · Sana: 10.05.2019 · Amalda
Davlat-xususiy sheriklik obyekti joylashgan va (yoki) davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda nazarda tutilgan faoliyatni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan, davlat sherigiga doimiy foydalanish huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkalari yoki ularning bir qismi davlat sherigi tomonidan xususiy sherikka davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda koʻrsatilgan muddatga va shartlar asosida ijaraga beriladi. Davlat sherigining davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda nazarda tutilgan faoliyatni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan doimiy foydalanishdagi yer uchastkasi mavjud boʻlmagan taqdirda, bunday yer uchastkasi davlat sherigiga uning murojaatiga koʻra doimiy foydalanish uchun beriladi hamda davlat sherigi uni xususiy sherikka davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda koʻrsatilgan muddatga va shartlar asosida ijaraga beradi.
Davlat sherigi tomonidan xususiy sherikka ijaraga berilgan yer uchastkalari uchun toʻlanadigan ijara haqi yer soligʻiga tenglashtirilgan miqdorda hisoblanadi. Ijara haqini hisoblashda yer soligʻiga doir imtiyozlar inobatga olinadi.
Davlat sherigi tomonidan xususiy sherikka yer uchastkasini ijaraga berishga doir majburiyatning bajarilmaganligi xususiy sherik tomonidan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni bir tomonlama bekor qilish uchun asos boʻladi.
Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning tugatilishi davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun berilgan yer uchastkasining ijarasiga nisbatan shartnomaviy munosabatlarni tugatish uchun asos boʻladi.
