23-modda. Tender mezonlari
Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida (O‘RQ-537-son) · Sana: 10.05.2019 · Amalda
Tender mezonlari aniq boʻlishi va barcha talabgorlarga nisbatan kamsitishsiz qoʻllanilishi kerak.
Talabgor davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirishdan manfaatdor ekanligini bildirish uchun tenderda ishtirok etganda quyidagi mezonlarga muvofiq boʻlishi kerak:
huquq layoqatiga ega boʻlishi;
davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga doir majburiyatlarni bajarish uchun zarur boʻlgan moliyaviy va (yoki) moddiy, texnik resurslarga va (yoki) malakali mehnat resurslariga ega boʻlishi;
mavjudligi manfaatlar toʻqnashuviga olib kelishi mumkin boʻlgan asoslarga ega boʻlmasligi.
Qayta tashkil etilish, tugatilish va (yoki) toʻlovga qobiliyatsizlik bosqichida boʻlgan talabgorlarning tenderda ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tender gʻolibini tanlab olish bosqichida foydalaniladigan mezonlarda quyidagilar nazarda tutiladi:
davlat sherigi va xususiy sherik tomonidan amalga oshiriladigan toʻlovlarning hajmi;
eng yuqori narxlar va tariflar;
xususiy sherikning davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni bajarish uchun jalb etiladigan mablagʻlari hajmi;
xususiy sherikni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash hajmi va turlari;
davlat-xususiy sheriklik obyektini loyihalashtirish va (yoki) qurish, barpo etish, rekonstruksiya qilish, modernizatsiyalash, undan foydalanish va unga xizmat koʻrsatish muddati;
davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish muddati;
davlat-xususiy sheriklik loyihasining texnik va texnologik afzalliklari, funksional va innovatsion tavsiflari.
