24-modda. Tender komissiyasi
Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida (O‘RQ-537-son) · Sana: 10.05.2019 · Amalda
Davlat sherigi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishuvga koʻra davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni tuzish huquqi boʻyicha tender gʻolibini aniqlash uchun tender komissiyasini shakllantiradi.
Tender komissiyasi tarkibiga davlat sherigining, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining va vakolatli davlat organining vakillari majburiy tartibda kiritiladi.
Davlat sherigining vakili tender komissiyasi raisidir. Vakolatli davlat organining vakili tender komissiyasi tarkibida maslahat ovozi bilan ishtirok etadi.
Tender komissiyasi aʼzolarining soni toq boʻlishi kerak.
Tender komissiyasi, agar majlisda uning aʼzolari umumiy sonining kamida yetmish besh foizi hozir boʻlsa, qarorlar qabul qilish huquqiga ega, bunda tender komissiyasining har bir aʼzosi bitta ovozga ega boʻladi.
Tender komissiyasining qarorlari tender komissiyasining ovoz bergan aʼzolari umumiy sonining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar soni teng boʻlib qolgan taqdirda tender komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Tender komissiyasi oʻz majlislarining bayonnomalarini yuritadi, bayonnomalar uning majlislarda hozir boʻlgan barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi.
Tender komissiyasi aʼzosida majlisga chiqarilgan masalalar yuzasidan manfaatlar toʻqnashuvi mavjud boʻlgan taqdirda, u oʻz nomzodini qaytarib olishini bildirishi va ushbu masala boʻyicha ovoz berishda ishtirok etmasligi kerak, bu haqda bayonnomada qayd etiladi.
