22-modda. Tender hujjatlari
Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida (O‘RQ-537-son) · Sana: 10.05.2019 · Amalda
Davlat sherigi davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni tuzish huquqi uchun tender oʻtkazishni tartibga soluvchi tender hujjatlarini, shuningdek davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim loyihasini tayyorlaydi va tasdiqlaydi.
Umumiy qiymati bir million AQSH dollaridan ortiq boʻlgan davlat-xususiy sheriklik loyihasi boʻyicha tender hujjatlari va davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim loyihasi vakolatli davlat organi bilan kelishib olinadi.
Tender hujjatlarida quyidagilar aks ettirilishi kerak:
talabgorlarning malaka talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlarga doir talablar;
davlat-xususiy sheriklik obyektining joylashgan yeri;
texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlar samaradorligining umumiy parametrlari va talablari;
davlat-xususiy sheriklik obyektini loyihalashtirish, qurish, moliyalashtirish, rekonstruksiya qilish, undan foydalanish va unga xizmat koʻrsatish muddatlari;
davlat-xususiy sheriklik obyekti yoki xususiy sherik tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar sifatining koʻrsatkichlari yoki unga doir eng kam talablar;
davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni bajarish maqsadida davlat sherigi tomonidan xususiy sherikka beriladigan moliyalashtirish hajmi, mol-mulkning yoki mulkiy huquqlarning roʻyxati;
davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning taraflari oʻz zimmasiga olayotgan xavf-xatarlar;
davlat-xususiy sheriklik loyihasining parametrlari aks ettirilishi kerak boʻlgan valyuta va ularni taqqoslash va baholash maqsadida yagona valyutaga keltirish uchun hisob-kitoblarda foydalaniladigan valyutaning kursi;
tender mezonlarining tavsifi;
tender taklifi beriladigan tilga doir talablar;
tender taklifining mazmuni, tender takliflarini berish va ularning amal qilish usuli, joyi, muddatlari;
tender taklifiga doir taʼminot kiritish shartlari;
tender takliflari solingan konvertlarni ochish tartib-taomillari, joyi, sanasi va vaqti.
Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim loyihasi tender hujjatlarining ajralmas qismidir.
Davlat sherigi vakolatli davlat organi bilan kelishuvga koʻra tender hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga haqlidir. Davlat sherigi tender hujjatlariga oʻzgartish va (yoki) qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran besh kalendar kundan kechiktirmay barcha talabgorlarni tender hujjatlariga kiritilgan oʻzgartishlar va (yoki) qoʻshimchalar haqida xabardor qilishi shart. Bunda tender takliflaridagi ushbu oʻzgartishlar va (yoki) qoʻshimchalar talabgorlar tomonidan hisobga olinishi uchun davlat sherigi tender takliflarini taqdim etishning oxirgi muddatini oʻn besh kalendar kundan kam boʻlmagan muddatga uzaytiradi.
