17-modda. Davlat-xususiy sheriklik loyihasini xususiy tashabbuskor tomonidan tayyorlash
Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida (O‘RQ-537-son) · Sana: 10.05.2019 · Amalda
Xususiy tashabbuskor davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasini ishlab chiqishga va potensial davlat sherigiga taqdim etishga haqli. Davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasi mavjud muammolarni hal qilishga doir innovatsion yondashuvni oʻz ichiga olishi va taraflar uchun maqbul boʻlgan mutanosib nafni taʼminlashi kerak.
Xususiy tashabbuskor davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasini taqdim etishdan oldin dastlabki muhokama oʻtkazishi, shuningdek potensial davlat sherigi bilan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida axborot almashishi mumkin.
Xususiy tashabbuskor ushbu Qonunning 23-moddasiga muvofiq dastlabki malakalashdan oʻtgan taqdirda, davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasini olgan potensial davlat sherigi uning amalga oshirilishini maʼqullash yoki rad etish toʻgʻrisida oʻttiz kalendar kun ichida qaror qabul qiladi.
Xususiy tashabbuskorning umumiy qiymati bir million AQSH dollaridan ortiq boʻlgan ekvivalentdagi davlat-xususiy sheriklik loyihasi konsepsiyasi maʼqullangan taqdirda, potensial davlat sherigi ushbu konsepsiyani vakolatli davlat organiga kelishish uchun yuboradi.
Davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
xususiy tashabbuskorning ushbu Qonunda belgilangan talablarga javob bermasligi;
potensial davlat sherigida davlat-xususiy sheriklik obyektiga nisbatan operativ boshqaruv huquqining mavjud emasligi;
davlat-xususiy sheriklik obyektini loyihalashtirish, qurish, barpo etish, moliyalashtirish, rekonstruksiya qilish, undan foydalanish va unga xizmat koʻrsatish zaruriyatining mavjud emasligi;
loyihani amalga oshirishning iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emasligi va (yoki) bunga ijtimoiy ehtiyojning mavjud emasligi.
Davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasi tasdiqlangan taqdirda, potensial davlat sherigi davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasini hamda boshqa talabgorlarga davlat-xususiy sheriklik loyihasining amalga oshirilishidan manfaatdorligi toʻgʻrisida maʼlum qilish taklifini, shuningdek ushbu Qonunning 23-moddasiga muvofiq dastlabki malaka hujjatlari toʻplamini taqdim etishga doir soʻrovni oʻzining rasmiy veb-saytida, vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytida va boshqa maxsus veb-saytlarda besh kalendar kun ichida eʼlon qiladi.
