18-modda. Davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasini tasdiqlash, unga oʻzgartishlar va (yoki) qoʻshimchalar kiritish
Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida (O‘RQ-537-son) · Sana: 10.05.2019 · Amalda
Umumiy qiymati bir million AQSH dollariga qadar boʻlgan ekvivalentdagi davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasini tasdiqlash, unga oʻzgartishlar va (yoki) qoʻshimchalar kiritish tegishli davlat organi (tashkiloti) tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
Umumiy qiymati bir million AQSH dollaridan ortiq va oʻn million AQSH dollariga qadar boʻlgan ekvivalentdagi davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasini tasdiqlash, unga oʻzgartishlar va (yoki) qoʻshimchalar kiritish tegishli davlat organi (tashkiloti) tomonidan vakolatli davlat organi bilan kelishuvga koʻra amalga oshiriladi.
Umumiy qiymati oʻn million AQSH dollaridan ortiq boʻlgan ekvivalentdagi davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasini tasdiqlash, unga oʻzgartishlar va (yoki) qoʻshimchalar kiritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasi tasdiqlanganidan keyin davlat sherigi davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirishning keyingi bosqichlariga oʻtadi.
Davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasiga xususiy tashabbuskorning, toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar ishtirokchisining, davlat sherigining, vakolatli davlat organining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifiga binoan belgilangan tartibda oʻzgartish va (yoki) qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
