16-modda. Davlat-xususiy sheriklik loyihasini davlat tashabbuskori tomonidan tayyorlash
Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida (O‘RQ-537-son) · Sana: 10.05.2019 · Amalda
Davlat tashabbuskori davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasini, qoida tariqasida, iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning oʻz vakolati sohasiga kiruvchi ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha ishlab chiqadi.
Davlat-xususiy sheriklik loyihasini tayyorlash davlat-xususiy sheriklik loyihasining oqilonaligi va samaradorligini hamda bu loyihani amalga oshirish maqsadida uning maqbul shaklini aniqlashni taʼminlovchi dastlabki moliyaviy hisob-kitoblar asosida, xususan:
davlat-xususiy sheriklik loyihasining moliyaviy-iqtisodiy samaradorligi koʻrsatkichlari;
davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq xususiy sherik tomonidan loyihalashtirilayotgan, barpo etilayotgan, moliyalashtirilayotgan, rekonstruksiya qilinayotgan, foydalanilayotgan yoki xizmat koʻrsatilayotgan davlat-xususiy sheriklik obyektining tarkibi va parametrlari;
xususiy sherikning kutilayotgan investitsiyalari hajmi va Oʻzbekiston Respublikasi budjet tizimi budjetlaridan taxmin qilinayotgan moliyalashtirish hajmi;
davlat sherigining va xususiy sherikning majburiyatlari;
xususiy sherikka koʻrsatiladigan davlat koʻmagining turlari;
muzokaralar oʻtkazish muddatlari;
davlat-xususiy sheriklik obyektidan foydalangan holda taqdim etiladigan tovarlardan (ishlardan, xizmatlardan) foydalanish shartlari hisobga olingan holda amalga oshiriladi.
Aholining, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) isteʼmol qiluvchilarning, ulardan foydalanuvchilarning manfaatlarini hisobga olish maqsadida davlat-xususiy sheriklik loyihasini tayyorlash jamoatchilik muhokamalari bilan birga olib borilishi kerak.
