17-modda. Maʼmuriy nazoratni amalga oshirishda ichki ishlar organlarining majburiyatlari
Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan maʼmuriy nazorat toʻgʻrisida (O‘RQ-532-son) · Sana: 02.04.2019 · Amalda
Maʼmuriy nazoratni amalga oshirishda ichki ishlar organlari:
nazorat ostidagi shaxsga uning huquqlari va majburiyatlarini tushuntirishi, shuningdek oʻziga nisbatan belgilangan maʼmuriy cheklovlarni buzganlik hamda zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmaganlik uchun javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantirishi;
maʼmuriy nazorat muddati mobaynida nazorat ostidagi shaxslarning hisobini yuritishi;
nazorat ostidagi shaxslarni oʻzlari tanlagan yashash joyida doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olish va ularni ishga joylashtirish yuzasidan zarur choralar koʻrishi;
maʼmuriy nazorat ostidagi shaxsning oʻziga nisbatan belgilangan maʼmuriy cheklovlarga rioya etishi va yashash, ish, oʻqish yoki xizmat joyi boʻyicha zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishi ustidan tizimli ravishda nazoratni amalga oshirishi;
nazorat ostidagi shaxs bilan uning huquqbuzarliklar sodir etishining oldini olishga qaratilgan yakka tartibdagi profilaktika ishlarini olib borishi;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinganidan keyin yashash joylariga belgilangan muddatda uzrli sabablarsiz yetib kelmagan, shuningdek yashash joylarini oʻzboshimchalik bilan tark etgan yoki sud tomonidan belgilangan hudud doirasidan ruxsatnomasiz chiqib ketgan nazorat ostidagi shaxslarning qidiruvini amalga oshirishi shart.
Maʼmuriy nazoratni oʻrnatish va amalga oshirish nazorat ostidagi shaxsning boshqa huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzmasligi, uning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitmasligi kerak.
