16-modda. Maʼmuriy nazoratni amalga oshirishda ichki ishlar organlarining huquqlari
Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan maʼmuriy nazorat toʻgʻrisida (O‘RQ-532-son) · Sana: 02.04.2019 · Amalda
Maʼmuriy nazoratni amalga oshirishda ichki ishlar organlari quyidagi huquqlarga ega:
nazorat ostidagi shaxsning xulq-atvori toʻgʻrisida ish, oʻqish yoki xizmat joyi maʼmuriyatidan, jamoat birlashmasidan, yashash joyidagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organidan, shuningdek fuqarolardan maʼlumotlarni soʻrash va olish;
nazorat ostidagi shaxsga uy-joy berish va uni ishga joylashtirish toʻgʻrisida tegishli davlat organlariga, boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga iltimosnomalar yuborish;
profilaktik suhbat oʻtkazish uchun nazorat ostidagi shaxsni uning yashash joyidagi ichki ishlar organlariga chaqirish, nazorat ostidagi shaxsning talabi bilan bunday suhbatlarni advokat, jamoatchilik, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organi vakillari yoki yaqin qarindoshlari ishtirokida oʻtkazish;
nazorat ostidagi shaxsdan oʻziga nisbatan belgilangan maʼmuriy cheklovlarga rioya etish hamda zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan ogʻzaki va yozma tushuntirishlar talab qilish.
Ichki ishlar organlari maʼmuriy nazoratni amalga oshirish boʻyicha alohida tadbirlarni oʻtkazishda davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolar bilan hamkorlik qilishi mumkin.
