15-modda. Nazorat ostidagi shaxsning majburiyatlari
Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan maʼmuriy nazorat toʻgʻrisida (O‘RQ-532-son) · Sana: 02.04.2019 · Amalda
Nazorat ostidagi shaxs quyidagi maʼmuriy nazorat qoidalariga rioya etishi shart:
jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilinganidan keyin oʻzi tanlagan yashash joyiga sud tomonidan belgilangan muddatda yetib borish;
jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilinganidan keyin, shuningdek yashash joyi oʻzgarganidan soʻng oʻzi tanlagan yashash joyiga yetib kelgan kundan eʼtiboran uch kun ichida hisobga qoʻyilish uchun maʼmuriy nazoratni amalga oshiruvchi ichki ishlar organiga kelish;
oʻziga nisbatan belgilangan maʼmuriy cheklovlarga rioya etish;
maʼmuriy nazoratni amalga oshiruvchi ichki ishlar organidan yashash joyidan tashqarida boʻlish va (yoki) sud tomonidan belgilangan hudud doirasidan tashqariga qisqa muddatga chiqish uchun ruxsatnoma olingan taqdirda, qisqa muddatga chiqilayotgan hududning ichki ishlar organini xabardor qilish;
qisqa muddatga chiqish joyidan qaytib kelganida doimiy yashash joyi boʻyicha ichki ishlar organini xabardor qilish;
maʼmuriy nazoratni amalga oshiruvchi ichki ishlar organini ishga joylashganligi, yashash, ish, oʻqish yoki xizmat joyi oʻzgarganligi yoxud mehnat shartnomasi bekor qilinganligi toʻgʻrisida uch kun ichida xabardor qilish;
yashash joyidagi ichki ishlar organiga ushbu organ tomonidan belgilangan muddatda chaqiruvga koʻra borish;
oʻziga nisbatan belgilangan maʼmuriy cheklovlarga rioya etish va zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan ogʻzaki va yozma tushuntirishlar berish.
