14-modda. Nazorat ostidagi shaxsning huquqlari
Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan maʼmuriy nazorat toʻgʻrisida (O‘RQ-532-son) · Sana: 02.04.2019 · Amalda
Nazorat ostidagi shaxs quyidagi huquqlarga ega:
advokat xizmatlaridan foydalanish;
koʻrib chiqilayotgan masala yuzasidan izohlar berish;
dalillar taqdim etish;
sudda maʼmuriy nazorat oʻrnatish va cheklovlar qoʻllash toʻgʻrisidagi materiallar bilan tanishib chiqish hamda ulardan zarur maʼlumotlarni yozib olish, materiallar va hujjatlardan texnika vositalari yordamida oʻz hisobidan koʻchirma nusxalar olish yoki ulardagi maʼlumotlarni oʻzga shaklda qayd etish;
maʼmuriy nazoratni muddatidan ilgari tugatish toʻgʻrisida, shuningdek belgilangan maʼmuriy cheklovlarni qisman bekor qilish haqida sudga bevosita yoki vakili orqali arizalar bilan murojaat etish;
sud majlisining bayonnomasi bilan tanishish hamda u boʻyicha oʻz mulohazalarini bildirish;
sudning maʼmuriy nazorat oʻrnatish, u bilan bogʻliq maʼmuriy cheklovlar va uning muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi qarori ustidan shikoyat qilish;
ish boʻyicha keltirilgan protestlar va kelib tushgan shikoyatlardan xabardor boʻlish va ularga nisbatan eʼtirozlar bildirish;
yashash joyidan tashqarida boʻlish va (yoki) sud tomonidan belgilangan hudud doirasidan qisqa muddatga chiqish uchun ruxsatnomalar olish toʻgʻrisidagi arizalar bilan ichki ishlar organlariga murojaat etish;
bevosita yoki vakili orqali ichki ishlar organlarining qarorlari va ular mansabdor shaxslarining maʼmuriy nazoratni oʻrnatish va amalga oshirish chogʻidagi harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish.
