13-modda. Maʼmuriy nazoratni tugatish tartibi
Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan maʼmuriy nazorat toʻgʻrisida (O‘RQ-532-son) · Sana: 02.04.2019 · Amalda
Maʼmuriy nazorat quyidagi hollarda tugatiladi:
maʼmuriy nazorat oʻrnatilgan muddat tugaganda;
sudlanganlik holati tugallangan yoki sudlanganlik olib tashlanganda;
nazorat ostidagi shaxs ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan va jazoni oʻtash joyiga yuborilganda;
nazorat ostidagi shaxsga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilganda;
nazorat ostidagi shaxs boshqa davlatga doimiy yashash joyiga chiqib ketganda;
nazorat ostidagi shaxs vafot etgan yoki sudning uni vafot etgan deb topish toʻgʻrisidagi qarori qonuniy kuchga kirganda.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha maʼmuriy nazoratni tugatish toʻgʻrisida ichki ishlar organi tomonidan qaror chiqariladi.
Agar nazorat ostidagi shaxs huquqbuzarlik sodir etmayotganligi, oʻziga nisbatan belgilangan maʼmuriy cheklovlarga rioya qilayotganligi hamda zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarayotganligi aniqlansa, shuningdek yashash, ish, oʻqish yoki xizmat joyidan ijobiy tavsifnomalar mavjud boʻlsa, maʼmuriy nazorat muddatining kamida yarmi oʻtgach ichki ishlar organining taqdimnomasi yoxud nazorat ostidagi shaxsning yoki uning vakilining arizasi asosida, shuningdek mehnat jamoasining, jamoat birlashmasining va fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining iltimosnomasiga koʻra maʼmuriy nazorat sud tomonidan muddatidan ilgari tugatilishi mumkin. Maʼmuriy nazoratni muddatidan ilgari tugatish toʻgʻrisidagi taqdimnoma, ariza yoki iltimosnoma oʻn kunlik muddatda koʻrib chiqilishi lozim.
Maʼmuriy nazoratni muddatidan ilgari tugatish toʻgʻrisida sud tomonidan qaror chiqariladi, qaror nazorat ostidagi shaxsga eʼlon qilinadi.
